Chorvachilikda sanitariya-epidemiologik gigiyena oyligi doirasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yilning 18 aprelidan 18 mayiga qadar mamlakatimizda «Chorvachilikda sanitariya-epidemiologik gigiyena» oyligi e’lon qilingan.
Ushbu oylik doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining shahar va tumanlardagi bo‘limlari tomonidan keng ko‘lamli profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, uy hayvonlarini quturish kasalligiga qarshi, chorva mollarini esa «oqsil» kasalligiga qarshi emlash ishlari olib borilmoqda. Ushbu tadbirlar oldindan tasdiqlangan grafik asosida tashkil etilib, barcha hududlardagi xonadonlar va chorvachilik subyektlarini to‘liq qamrab olishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu bilan birga, chorva mollari saqlanadigan joylarda va chorva mollari sotiladigan bozorlarda sanitariya holatini yaxshilash maqsadida muntazam ravishda dezinfeksiya va dezinseksiya ishlari olib borilmoqda. Bu jarayonlar kasallik qo‘zg‘atuvchi omillarni bartaraf etish, yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish va chorva mollari uchun sog‘lom muhit yaratishda muhim ahamiyatga ega.
Davolash, dezinfeksiya va dezinseksiya tadbirlari mutaxassislar tomonidan zamonaviy veterinariya talablari, sanitariya-gigiyena me’yorlari va xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilingan holda amalga oshirilmoqda.
Natijada hayvonlar o‘rtasida yuqumli kasalliklar tarqalishining oldi olinib, epizootik barqarorlik ta’minlanmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, aholi salomatligini muhofaza qilish va oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.