Taxiatosh tumanida chorva mollari orasida kasalliklarning oldini olishga qaratilgan ko‘rgazmali seminar o‘tkazildi.
Taxiatosh tumani Naymanko‘l QFY hududida joylashgan «Ashirbay ota» chorvachilik fermer xo‘jaligida tuman hokimi, veterinariya bo‘limi va chorvachilik fermer xo‘jaliklari bilan hamkorlikda ko‘rgazmali seminar tashkil etildi. Bunday tadbirlar joriy yilning 18 aprel sanasidan 18 may sanasiga qadar Respublika miqyosida o‘tkazilishi belgilangan, bunda asosiy e’tibor chorva mollari orasida yuqumli va invaziyon kasalliklarning oldini olish, shuningdek, fermer xo‘jaliklarida sanitariya-gigiyena talablariga qat’iy rioya qilish masalalariga qaratiladi.

Seminar davomida soha mutaxassislari tomonidan chorva mollarini boqishda tozalikni ta’minlash, ferma hududlarida dezinfeksiya ishlarini muntazam tashkil etish, kasalliklarni erta aniqlash va profilaktik tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirish bo‘yicha amaliy tushunchalar berildi. Shuningdek, ishtirokchilarga yuqumli va invaziyon kasalliklarning oldini olishda veterinariya xizmatlari bilan yaqin hamkorlik qilish, belgilangan talablarga rioya qilish muhimligi alohida ta’kidlandi. Tadbir yakunida fermerlar tomonidan berilgan savollarga mutaxassislar tomonidan javoblar va amaliy tavsiyalar berildi. Bunday chora-tadbirlar hududlarda chorvachilik sohasida epizootik barqarorlikni ta’minlash, aholi salomatligini muhofaza qilish va sifatli oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.