Pensiya guvohnomasi qanday rasmiylashtiriladi?
Pensiya jamg‘armasi bo‘limining ish yurituvchisi pensiya oluvchining so‘roviga asosan axborot tizimidagi maʼlumotlar asosida pensiya guvohnomasini rasmiylashtiradi.
Bunda guvohnomani rasmiylashtirish uchun pensiya oluvchining tegishli fotosurati axborot tizimi orqali ish yurituvchi tomonidan chop etiladi.
Pensiya guvohnomasi berilishi mutlaqo bepul amalga oshiriladi.
Farzandimga boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi olaman. Farzandim 22 yoshda universitetga o‘qishga kirdi. Bunday holatda pensiya qachongacha to‘lanadi?
Qonunchilikka muvofiq, boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi taʼlim tashkilotining o‘quvchisi va talabalariga o‘qishning butun davri davomida, biroq 23 yoshga to‘lguniga qadar tayinlanadi va to‘lanadi.
Nogiron bolam bor. Faqat unga g‘amxo‘rlik qilaman. Pensiya yoshigacha hech kayerda ishlay olmasam menga pensiya tayinlanadimi?
📄 “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti to‘g‘risida”gi Qonunga (https://lex.uz/docs/112314#127690) muvofiq, 18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolaga qarab turish davri pensiyaga chiqishda ish stajiga qo‘shib hisoblanadi.
Bunda, qarab turish vaqti pensiya tayinlash uchun zarur bo‘lgan ish stajiga faqat qarab turgan va qarab turishga muhtoj bo‘lgan shaxs bilan birga yashagan shaxslardan biriga qo‘shib hisoblanadi.
☝️ Ushbu qarab turish vaqti fuqaroda umumiy ish staji kamida 7 yil bo‘lgan taqdirda ish stajiga qo‘shib hisoblanadi.
Pensiya tayinlashda “ish staji kam chiqish” muammosiga duch kelmaslik uchun nima qilish kerak?
Masalan, siz biror tashkilotda ishlagansiz, lekin pensiyani hisoblash vaqti kelganda ushbu ishlagan davrdagi ish stajingiz tizimdan chiqmayapti.
⌨️ Bu muammo o‘sha vaqtda ishlaganligingiz to‘g‘risidagi maʼlumotlar Yagona milliy mehnat tizimi (https://t.me/PensionFundRUz/6277) (my.mehnat.uz) ga kiritilmaganligidan kelib chiqadi.
Bunday hollarda siz tashkilotdan ishga qabul qilish va ishdan bo‘shatish haqidagi buyruqlardan ko‘chirmalar olgan holda va ushbu joyda mazkur davr mobaynida mehnat faoliyati yuritganlik faktini tasdiqlatishingiz kerak bo‘ladi.
☝️ Shuning uchun, biror tashkilotga ishga joylashayotganingizda yoki u yerdan bo‘shaganingizda doimo tashkilotning kadrlar bo‘yicha xodimidan maʼlumotlaringizni my.mehnat.uz bazasida to‘liq raqamlashtirilganligi to‘g‘risidagi maʼlumotlarni so‘rab oling.